Rasman: Irvin Lozano «Los-Anjeles Gelaksi»ga o'tdi
Meksikalik hujumchi Irvin Lozano "San-Diego"dan "Los-Anjeles Gelaksi"ga ijara asosida o'tdi. Bu haqda MLS rasmiy sayti ma'lum qildi.
Ijara shartnomasi 2026 yilgi mavsum oxirigacha amal qiladi. Kelishuvda futbolchini to'liq sotib olish opsiyasi ham ko'zda tutilgan.
Avvalroq "San-Diego" rahbariyati joriy loyiha doirasida Lozanoga ishonch bildirmayotganini ma'lum qilgan edi. 31 yoshli futbolchi 2025 yilgi MLS mavsumida 31 ta uchrashuvda ishtirok etib, 11 ta gol urgan va 9 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Lozano 2026 yilgi chempionatda hali maydonga tushmagan. Uning "San-Diego"dagi so'nggi o'yini 2025 yil 29 noyabr kuni bo'lib o'tgan.
Lozano faoliyati davomida Yevropada "PSV" va "Napoli" kabi klublarda ham to'p surgan. Meksika terma jamoasi safida esa 2018 yilgi Jahon chempionatida Germaniya darvozasiga urgani bilan keng tanilgan.