Rasman: Igor Tudor — «Tottenhem» bosh murabbiyi
«Tottenhem» klubi o‘z rasmiy saytida Igor Tudor jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlanganini e’lon qildi. Xorvatiyalik mutaxassis «shporlar»ni joriy mavsum yakuniga qadar boshqarib borishi ta’kidlangan.
«Igor bizga aniq maqsad bilan qo‘shildi: natijalarni yaxshilash, muvaffaqiyatga erishish va Premyer-liga turnir jadvalida yuqoriga ko‘tarilish. Uning vazifasi oddiy — mavsumning hal qiluvchi pallasida jamoaga tartib, shiddat va raqobatbardoshlikni olib kirish», — deyiladi «Tottenhem» bayonotida.
London klubiga tayinlanishidan avval 47 yoshli mutaxassis «Yuventus», «Latsio», «Marsel» va «Verona» kabi jamoalarni boshqargan. U ushbu lavozimda bir necha kun oldin iste’foga chiqarilgan Tomas Frankning o‘rnini egalladi.
Angliya chempionatining 26 turidan so‘ng «Tottenhem» 29 ochko jamg‘argan holda, turnir jadvalida 16-o‘rinni egallab turibdi. Tudorning debyut o‘yini kelasi yakshanba kuni «Arsenal»ga qarshi Shimoliy London derbisiga to‘g‘ri keladi.