locale OZ

Rasman: Gana terma jamoasi Otto Addoni iste’foga chiqardi

Germaniyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida magʻlubiyatdan soʻng bosh murabbiy lavozimidan ozod etildi.
Futbol
Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Jurnalist
Rasman: Gana terma jamoasi Otto Addoni iste’foga chiqardi
FOTO: Getty Images

Gana terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida Germaniyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergach, bosh murabbiy Otto Addo lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Gana futbol federatsiyasi rasmiy sayti xabar bermoqda.

«Gana futbol assotsiatsiyasi (GFA) erkaklar milliy terma jamoasi (Black Stars) bosh murabbiyi Otto Addo bilan xayrlashdi va ushbu qaror darhol kuchga kiradi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Hozircha Addoning o‘rnini kim egallashi yoki iste’foning aniq sabablari borasida qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmagan.

Ushbu qaror terma jamoaning o‘rtoqlik o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsiz seriyasi fonida qabul qilindi — jamoa ketma-ket to‘rtta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Xususan, so‘nggi bahsda Germaniyaga yutqazilgan bo‘lsa, undan avval Avstriyadan 1:5 hisobida yirik mag‘lubiyat qabul qilib olingan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning mart oyida Dortmundning «Borussiya» klubi Addoni iste’dodlarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis lavozimidan ozod qilgach, u ikkinchi marta Gana jamoasini boshqarishga kirishgan edi. U avvalroq 2022 yilgi Jahon chempionatida ham jamoani boshqargan.

Gamburgda tug‘ilgan mutaxassis futbolchilik faoliyati davomida «Borussiya Dortmund» bilan Bundesligada g‘olib chiqqan va 2006 yilgi JCHda ishtirok etgan. Hozirda Gana terma jamoasi o‘z tarixidagi beshinchi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda va «L» guruhida Xorvatiya, Angliya hamda Panama bilan kuch sinashadi. Ganaliklar turnirdagi ilk o‘yinini 17 iyun kuni Torontoda Panamaga qarshi o‘tkazishadi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting