Rasman: Filippe Koutinyo «Vasko da Gama» bilan shartnomani bekor qildi
33 yoshli taniqli yarimhimoyachi Filippe Koutinyo Braziliyaning «Vasko da Gama» klubi bilan yil oʻrtasiga qadar moʻljallangan shartnomasini muddatidan avval toʻxtatdi. Bu haqda klub oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida maʼlum qildi.
Klub bergan maʼlumotlarga koʻra, shartnomani bekor qilish tashabbusi futbolchining oʻzidan chiqqan. Ushbu qarorga soʻnggi uchrashuvdagi voqealar sabab boʻlgan: oʻyin davomida tribunalardan yangragan hushtakbozliklar ostida qolgan xavbek, tanaffusda almashtirilgach, zaxira oʻrindigʻiga qaytmagan. Koʻp oʻtmay Koutinyo ijtimoiy tarmoqlar orqali xayrlashuv bayonotini eʼlon qildi.
Klub rasmiy bayonotida shunday deyiladi:
«Oʻzaro hurmat va shaffof muloqotdan soʻng tomonlar shartnomani bekor qilish boʻyicha oʻzaro manfaatli kelishuvga erishdilar. Akademiya bitiruvchisi boʻlgan va «Vasko» yoshlar tizimining barcha bosqichlarini bosib oʻtgan Koutinyo butun jahon futbolidagi faoliyati davomida ushbu klub ruhiga hamisha sodiq qoldi. Oʻz faoliyati boshlangan jamoaga qaytib, u har bir daqiqada professionalizm, fidoyilik va «Vasko» libosiga boʻlgan yuksak ehtiromini namoyish etdi».
Maʼlumot uchun, joriy mavsumda Koutinyo Braziliya jamoasi safida jami 7 ta oʻyinda maydonga tushib, oʻz hisobiga 3 ta gol va 1 ta assist yozdirib qoʻyishga ulgurgan edi.