Rasman: Endryu Robertson mavsum oxirida «Liverpul»ni tark etadi
«Liverpul» o‘z rasmiy sayti orqali 32 yoshli qanot himoyachisi Endryu Robertson mavsum yakunida jamoani tark etishini e’lon qildi.
«Enfild»dagi to‘qqizta g‘oyat muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng, Shotlandiya terma jamoasi sardori shu yozda shartnomasi yakunlanishi bilan klubdan ketadi. U so‘nggi yillardagi yutuqlarda muhim rol o‘ynagan va jami 373 ta o‘yinda maydonga tushgan «Liverpul»ning haqiqiy afsonasi sifatida xayrlashadi.
2017 yilda «Hall Siti»dan ko‘chib o‘tgan Robertson jamoa bilan birgalikda ikki bor Premyer-liga g‘olibligi, Chempionlar Ligasi, Angliya kubogi va ikkita Liga kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, uning hisobida klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, UEFA Superkubogi va Angliya Superkubogi g‘olibliklari ham bor.
Biroq Robertsonni tantanali kuzatish marosimi mavsum yakunigacha qoldirildi. 26-raqam ostida harakat qiluvchi futbolchi ayni damda bor e’tiborini «qizillar»ga 2025/2026 yilgi mavsumni imkon qadar muvaffaqiyatli yakunlashda yordam berishga qaratgan», — deyiladi mersisaydliklar bayonotida.