Rasman: Dro Fernandes — «PSJ» futbolchisi
«Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi Dro Fernandes faoliyatini Fransiyaning «Pari Sen-Jermen» klubida davom ettiradi. Bu haqda Parij klubi rasmiy sayti xabar berdi.
18 yoshli ispaniyalik futbolchi «PSJ» bilan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. U yangi jamoasida 27-raqam ostida harakat qiladi.
Fernandes «Barselona» akademiyasining barcha bosqichlaridan o‘tgan va 2025 yilda asosiy jamoa safida debyut qilgan. Joriy mavsumda u kataloniyaliklar tarkibida besh uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Shuningdek, futbolchi xalqaro maydonda Ispaniyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalariga muntazam ravishda jalb etib kelinmoqda.
Fransiya chempionatining 19-turidan so‘ng «PSJ» 45 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda.