Rasman: Divok Origi va «Milan» shartnomani muddatidan avval bekor qilishdi
«Milan» klubi va hujumchi Divok Origi tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomani muddatidan avval bekor qildi. Garchi kelishuv 2026 yil iyuniga qadar mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hamkorlik erta yakunlandi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
30 yoshli belgiyalik futbolchi 2023 yil may oyidan buyon «rossonerilar» safida maydonga tushmagan. 2023/2024 yilgi mavsumda Origi ijara asosida «Nottingem Forest» sharafini himoya qilgan, shundan so‘ng esa Italiya klubining asosiy tarkibidan butunlay tushib qolib, individual tartibda shug‘ullangan.
Shunga qaramay, hujumchi yiliga taxminan 4 mln yevro miqdorida maosh olib kelgan. Bu summa joriy yozda «Milan»ga qo‘shilgan va 3,5 mln yevro maosh olayotgan yarimhimoyachi Luka Modrichnikidan ham yuqori bo‘lgan.
Divok Origi 2022 yilda «Milan»ga kelib, klub bilan to‘rt yillik shartnoma imzolagan edi.