Rasman: «Chelsi» va Braziliya milliy jamoasi sobiq yulduzi Oskar 34 yoshida faoliyatini yakunladi
Braziliya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi, so‘nggi vaqtlarda «San-Paulu» sharafini himoya qilayotgan Oskar 34 yoshida futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Bu haqda «San-Paulu» klubining rasmiy sayti xabar bermoqda.
«Men «San-Paulu» uchun ko‘proq foyda keltirishni va o‘ynashda davom etishni rejalashtirgan edim. O‘ylaymanki, menda futbolchilik qobiliyati ham, faoliyatimni davom ettirish uchun mos yosh ham bor edi, ammo afsuski, shunday bo‘lib chiqdi. Endi men faoliyatimni yakunlab, «San-Paulu»ga muxlis sifatida dalda berib turaman.
Faoliyatimni aynan meni dunyoning ko‘plab nuqtalariga yetaklagan «San-Paulu»da yakunlayapman. Doimiy mehr-muhabbat uchun har bir insonga, qaytganimdan buyon va hozirgi qiyin damlarda meni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha «San-Paulu» muxlislariga minnatdorchilik bildiraman», — dedi Oskar.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 11 noyabr kuni futbolchi mashg‘ulot markazidagi rejali tibbiy ko‘rik paytida hushidan ketgan edi. Shundan so‘ng unda yurak bilan bog‘liq muammolar aniqlangan.
Oskar 2012 yildan 2017 yilga qadar «Chelsi» safida to‘p surgan va London klubi bilan Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u faoliyati davomida «Internasonal» va «Shanxay Port» klublarida ham o‘ynagan. Oskar — «San-Paulu» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.