Rasman: Brenden Rojers — «Al Qodisiya» bosh murabbiyi
52 yoshli shimoliy irlandiyalik mutaxassis Brendan Rojers Saudiya Arabistonining «Al Qodisiya» klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.
Rojers bilan tuzilgan shartnoma 2,5 yilga mo‘ljallangan. Murabbiyning rasmiy taqdimoti ertaga bo‘lib o‘tadi va u OAV vakillari bilan uchrashadi.
Brendan Rojers 2012–2015 yillar oralig‘ida «Liverpul» klubini boshqargan, shuningdek, «Seltik» va «Lester» jamoalarida ham faoliyat yuritgan. «Liverpul» bilan u 2014 yilda Angliya Premyer-ligasi kumush medallarini qo‘lga kiritgan.
Faoliyati davomida Rojers Angliya Premyer-ligasida 300 dan ortiq uchrashuvda murabbiylik qilgan. U «Liverpul»ni tarixiy ikkinchi o‘ringa olib chiqqan hamda bir mavsumda 101 ta gol urish bo‘yicha klub rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, u 2021 yilda «Lester» bilan Angliya Kubogini yutgan va «Seltik» safida 11 ta yirik sovringa ega chiqqan.