Rasman: «Borussiya D» «Chelsi» va «MYU» qiziqish bildirayotgan futbolchi bilan shartnomani uzaytirdi
Dortmundning «Borussiya» klubi Germaniya terma jamoasi yarimhimoyachisi Feliks Nmecha bilan shartnomani uzaytirdi. Klub rasmiy saytining xabar berishicha, 25 yoshli futbolchi bilan tuzilgan yangi bitim 2030 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi.
Avvalroq matbuotda Nmechaga Angliya Premyer-ligasining bir qator klublari, xususan, Londonning «Chelsi» va «Manchester Yunayted» jamoalari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq, dortmundliklar o‘z yetakchilaridan birini tarkibda olib qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Feliks Nmecha «Borussiya» safida 2023 yilning iyul oyidan buyon to‘p tepib kelmoqda. Faoliyatining avvalgi yillarida u «Volfsburg» klubi sharafini himoya qilgan, shuningdek, «Manchester Siti» yoshlar jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Joriy mavsumda yarimhimoyachi 38 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifiga aylandi.