Rasman: Alisha Lemann — «Lester Siti» futbolchisi
Ayollar futbolining eng mashhur vakillaridan biri, 27 yoshli hujumchi Alisha Lemann yana tumanli Albionga qaytdi. «Lester Siti» klubi matbuot xizmati shveytsariyalik yulduz bilan shartnoma imzolanganini rasman e’lon qildi. Kelishuv 2028 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Lemann o‘zining qaytishi borasida hayajonini yashirib o‘tirmadi:
«Bu shunchaki hayratlanarli! O‘zimni xuddi uyimga qaytgandek his qilyapman va bundan juda baxtiyorman. «Lester» — ajoyib klub. Men bazani, stadionni ko‘zdan kechirdim. Klub rahbariyati ayollar futbolini yangi bosqichga olib chiqmoqchi ekaniga amin bo‘ldim», — deydi Alisha klub rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Maʼlumot uchun, Lemann uchun Angliya futboli begona emas. U 2021 yildan buyon «Aston Villa» sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Ungacha esa «Vest Hem» va Shveytsariyaning «Yang Boyz» klublarida to‘p surgan. 2024 yilning yozida Italiya A Seriyasiga yo‘l olib, «Yuventus» hamda «Komo» jamoalarida faoliyat yuritdi.