Rashid G‘ofurov: «Hakam o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yubordi»
Proliga 6-turidan o‘rin olgan “Yaypan” – “G‘azalkent” uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Rashid G‘ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Bugungi bahsni hamma ko‘rdi. Yana nima deyishim mumkin? “G‘azalkent” jamoasiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Tarkibida yosh, yuguradigan, chaqqon yigitlar bor. Hakam o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yubordi. Hakamlar aybini aytish mening zimmamda emas, buni ko‘rib chiqadigan qo‘mita bor.
Faqat bitta savol: 80-daqiqada futbolchimiz birga-bir kirib borayotgan vaziyatda raqib o‘yinchisi uni to‘xtatib qoldi. Hakam hatto qoida buzilishi ham bermadi. Agar berganida, balki hisob 2:1 bo‘lishi mumkin edi.
Hakamga “Ko‘zingiz bormi?” degan gap uchun “qizil” beraversa, bilmadim endi. Birinchi bo‘limda raqib yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, ikkinchi bo‘limda biz ustunlik qildik. Yutuq ortidan mag‘lubiyat ham bo‘lib turadi. Nima deymiz endi...
— Birinchi taymda himoyachilaringiz juda bo‘sh o‘ynadi. Jamoa baxtiga darvozabon Ma’rupov bir necha bor goldan qutqarib qoldi. Tanaffusda futbolchilarga nima dedingiz?
— To‘g‘ri aytyapsiz, birinchi bo‘limda negadir o‘tirib qoldik. Bizda vaziyat ko‘p bo‘ldi deya olmayman. Ularda ham, bizda ham vaziyatlar bo‘ldi. Biz qarshi hujumda o‘ynab qoldik.
Bu bahona emas, lekin shamol bu tomonga esgani uchun birinchi taymda to‘p umuman yurmadi. Futbolchilarimiz “shundoq yutamiz” degan erkinlikka berilib qoldi. Har tugul, ikkinchi bo‘limda o‘zimizga kelib oldik.
— O‘yin oxirida yuz bergan vaziyat va qizil kartochka yigitlar ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?
— Albatta, ta’sir ko‘rsatadi. Bu o‘yin mayli o‘tdi-ketdi. Lekin keyingi uchrashuvni “Aral”ga qarshi o‘tkazamiz. Eng yaxshi futbolchilarimizni yo‘qotdik.
Kartochka faqat keyingi turga emas, undan keyingi uchrashuvlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Bugun hech qanday rotatsiya qilish niyatim yo‘q edi. Ammo ikki nafar futbolchini almashtirganim o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Aslida men rotatsiya qilmoqchi emasdim. Tabiatim shunaqa — yutgan tarkibni o‘zgartirmayman. Lekin bugun ikkita o‘zgarish o‘yinni o‘zgartirib yubordi. Har uch-to‘rt kunda o‘yin bo‘lgani uchun ikki nafar o‘ng qanot himoyachi va yarim himoyachiga dam bergandim. Ularning o‘rniga tushganlar ham yomon o‘ynamadi, lekin baribir bir tekis kelayotgan narsani chizig‘idan chiqarib qo‘ygandek bo‘ldik.
— Ikkinchi bo‘limda deyarli maydon chetiga kelib ko‘rsatma bermadingiz. Asosan yordamchingiz gapirdi. Bu jamoa o‘yinidan qoniqqaningiz uchun bo‘ldimi?
— O‘yindan oldin menda hayajon bor edi. Maktab ko‘rgan futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynadik. Raqib yoshlardan iborat bo‘lsa ham, xuddi terma jamoadek yaxshi harakat qildi.
Men o‘rnimdan turaversam bahsni yaxshi kuzata olmasdim. Shu bois o‘tirib, jim kuzatishni ma’qul ko‘rdim. Kerak paytda bir-ikki marta chiqdim, ko‘nglim ham to‘q edi.
— Jamoa bir kishi kam bo‘lib qolsa ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Jismoniy holat tetik. Alohida murabbiy ishlayaptimi? Klubda moddiy muammo yo‘qmi?
— Moddiy muammolar yo‘q hisobi. Imkoniyatimiz “G‘azalkent” darajasida bo‘lmasa ham, har tugul harakat qilyapmiz. Uyda to‘p tepganimiz hisobiga kamchilik bo‘lib qolgan bo‘lsak-da, buni sezdirmaslikka harakat qildik. Faqat ikkinchi goldan keyin vaqt yetmay qoldi.
— Jamoa to‘qqiz kishi qolganida himoyaga yotib olib bir ochko olishi ham mumkin edi.
— To‘g‘risi, biz durangni o‘ylamagandik. Qizil kartochkadan keyin ham maqsadimiz g‘alaba edi. Bir kishi kam bo‘lsa ham yutib ketishimiz mumkin edi. Ammo ikkinchi “qizil”dan keyin kuchimiz yetmay qoldi. Standart vaziyat pand berdi.
— O‘yin tugaganidan keyin yuz bergan holat bo‘yicha “Yaypan” klubi jarimaga tortilishi mumkin. O‘yinchilar hakamni urmoqchi bo‘lishdi.
— Hammasi emotsiyadan bo‘ldi. Lekin hech kimning hakamni urish niyati yo‘q edi. To‘g‘ri, futbolchilar azartda bordi, lekin hech kim hakamga qo‘l ko‘tarmadi. Chetdan qaraganda bu holat xunuk ko‘rindi. Bunday vaziyatda o‘zini ushlab turish oson emas, buni futbol o‘ynagan biladi.
— Ikkinchi qizil kartochkali vaziyatda hakam bilan tortishish shartmidi? Nega futbolchingiz bunday yo‘l tutdi?
— To‘g‘ri gapirdingiz. O‘yindan oldin yigitlarga hakam Superligani boshqargan, tajribasi bor deb aytgandim. Hakam bilan gaplashish befoyda. Bu vaziyatni biz ham jamoa ichida tahlil qilamiz. Agar futbolchimizdan ayb o‘tgan bo‘lsa, o‘zimiz uni jazolaymiz.