Rafinya: «O‘zimni yaxshi his qila boshladim, biroq payshanba kungi bahsga tayyor boʻlamanmi yoki yoʻq — buni vaqt koʻrsatadi»
«Barselona» jamoasi vingeri Rafinya Dias Ispaniya Kubogi yarimfinali doirasidagi «Atletiko»ga qarshi uchrashuv oldidan o‘zining jismoniy holati va maydonga tushish ehtimoli haqida to‘xtalib o‘tdi. Mundo Deportivo nashriga bergan intervyusida braziliyalik futbolchi tiklanish jarayoni bosqichma-bosqich davom etayotganini ma’lum qildi.
«O‘zimni yaxshi his qila boshladim, biroq payshanba kungi bahsga tayyor bo‘lamanmi yoki yo‘q — buni vaqt ko‘rsatadi. Jarohatlar kutilmagan bo‘lishini barchamiz bilamiz, shuning uchun biroz kutishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘risini aytsam, jamoani juda sog‘indim», — deya ta’kidladi Rafinya.
29 yoshli futbolchi jarohati sababli kataloniyaliklarning so‘nggi ikki o‘yinini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, u joriy mavsumda jamoasining hujumdagi eng xavfli qurollaridan biri bo‘lib turibdi. Rafinya mavsum davomida 22 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 13 ta gol va 5 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» va «Atletiko» o‘rtasidagi dastlabki yarimfinal bahsi 12 fevral, payshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.