Rafinya jarohati sabab «Albasete»ga qarshi bahsni o'tkazib yuboradi
«Barselona» klubi matbuot xizmati jamoa hujumchisi Rafinya jarohat olganini rasman e’lon qildi. Braziliyalik futbolchi Ispaniya Kubogining 1/4 finali doirasidagi «Albasete»ga qarshi uchrashuvda maydonga tusha olmaydi.
Tibbiy tekshiruvlar natijasida futbolchining o‘ng son yaqinlashtiruvchi mushagi (adduktor) cho‘zilgani aniqlangan.
Klub shifokorlari Rafinyaning jarohati jiddiy tus olmasligi uchun ehtiyot chorasi sifatida uni bo‘lajak o‘yin qaydnomasiga kiritmaslikka qaror qilishdi. Futbolchining tiklanish jarayoni taxminan bir hafta davom etishi kutilmoqda.
Ushbu mavsumda Rafinya «ko‘k-anorranglilar» safida ajoyib sermahsullik namoyish etmoqda. U barcha turnirlarda 22 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» Ispaniya Kubogining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. O‘tgan yilgi finalda kataloniyaliklar prinsipial raqib — «Real Madrid»ni qo‘shimcha bo‘limlarda 3:2 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.