Rafinya «Barselona»dagi kelajagi borasida ikkilanmoqda
«Barselona» hujumchisi Rafinya klub rahbariyatiga o‘zining jamoadagi kelajagi borasida o‘yga tolganini ma’lum qildi. Sport.es nashrining xabar berishicha, 29 yoshli futbolchining bunday qarorga kelishiga joriy mavsumdagi bir qancha salbiy omillar sabab bo‘lgan.
Futbolchining kayfiyatiga va o‘ziga bo‘lgan ishonchiga, birinchi navbatda, joriy mavsumdagi ketma-ket jarohatlar jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Rafinya jarohatlari tufayli klub va terma jamoa miqyosidagi jami 23 ta uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Bu esa unga o‘tgan mavsumdagi kabi yuqori darajadagi o‘yinni namoyish etishga imkon bermadi.
Bundan tashqari, braziliyalik futbolchi Yevropa Chempionlar Ligasining chorak finalida «Barselona»ning Madridning «Atletiko» klubidan uchralgan mag‘lubiyatini va musobaqadan chiqib ketganini juda og‘ir qabul qildi. U ushbu hal qiluvchi bahslarda jamoasiga yordam bera olmagani uchun o‘zini ruhiy tushkunlikda his qilmoqda.
Klub rahbariyati Rafinyaning samimiyligini munosib baholadi. Bosh murabbiy Hans-Diter Flik va sport direktori Deku unga ishonishda davom etmoqda. Shu sababli, klub futbolchiga o‘z kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishi uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha muhlat berishga tayyorligini bildirdi. «Blaugrana» mutasaddilari Rafinya baribir jamoada qolishiga ishonch bildirishmoqda.
Ma’lumot uchun, Rafinyaning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.