Rafael Leau APL'ga koʻchib oʻtishi mumkin — manba
«Milan» klubining portugaliyalik vingeri Rafael Leau Angliya Premyer-ligasiga oʻtishi mumkin. «Arsenal» va «Manchester Yunayted» klublari Milan jamoasi hamda Portugaliya terma jamoasining 26 yoshli futbolchisi boʻyicha soʻrov yuborishgan. Bu haqda taniqli jurnalist va insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manbaning maʼlum qilishicha, Leau «rossonerilar» rahbariyatini yozgi transfer oynasida klubni tark etishga tayyorligi haqida ogohlantirgan va bu holat har ikkala ingliz klubining eʼtiborini tortgan. Hozircha «Milan» va salohiyatli xaridorlar oʻrtasida rasmiy muzokaralar olib borilgani yoʻq. Shunga qaramay, «Arsenal» va «Manchester Yunayted» portugaliyalik futbolchi atrofidagi vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib borishmoqda.
Joriy mavsumda Leau «Milan» safida 31 ta oʻyinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali maʼlumotlariga koʻra, uning ayni paytdagi bozor qiymati 50 million yevroni tashkil qiladi, «rossonerilar» bilan amaldagi shartnomasi esa 2028 yilgacha moʻljallangan.