Rabyo Modrich haqida: «40 yoshda ham har kuni oʻynashga boʻlgan ishtiyoqi meni hayratga soladi»
«Milan» yarimhimoyachisi Adrien Rabyo joriy mavsumda birga to‘p surayotgan jamoadoshi Luka Modrich haqida iliq fikrlarini bildirdi.
«U juda sodda inson va futbolni boladek yaxshi ko‘radi. Markazda u bilan yonma-yon o‘ynash ilk kundanoq menga juda qulay bo‘ldi. Chunki u juda yuqori mahorat, ajoyib o‘yin tafakkuri va to‘p bilan ishlash madaniyatiga ega. Shuningdek, u pressingda, yugurishda va zarurat tug‘ilganda hujumdagi hal qiluvchi vaziyatlarda ham katta hissa qo‘shadi.
U favqulodda futbolchi. Eng ko‘p meni hayratga soladigani — 40 yoshda ham har kuni o‘ynashga bo‘lgan ishtiyoqi. Men unga juda qoyil qolaman. Umid qilamanki, uning yoshiga yetganimda men ham shunday ishtiyoqni saqlab qolaman», — deydi Rabyo.
Ma’lumot uchun, Luka Modrich 2025 yil 14 iyul kuni «Milan»ga erkin agent sifatida qo‘shilgan. Uning shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan bo‘lib, yana bir yilga uzaytirish opsiyasini o‘z ichiga oladi.