Qudrat Xudoyqulov: \"Besh marta Jahon chempioni bo’lish niyatim bor\"
Turkiyaning “Alves Koblo” klubi 2025 yilgi mavsum Yevropa chempionlar ligasi finalida Polshaning “Visla Krakov” jamoasini 6:1 hisobida mag’lub qilib, qit’ada tengsiz ekanligini isbotladi. Jamoa tarkibida O’zbekiston amputantlar terma jamoasi a’zosi Qudrat Xudoyqulov ham faoliyat yuritadi. Futbolchi ushbu klubda 7 raqamda harakatlanadi.
“Alves Koblo” amputantlar futbol jamoasi, Turkiya futbol federatsiyasi tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan jismoniy imkoniyati chegaralanganlar sport federatsiyasi tarkibidagi amputant futbol klublaridan biri hisoblanadi. Sports24.uz Qudrat Xudayqulov bilan intervyu tashkil qildi.
Qudrat Xudoyqulov qayerda qanday oilada tug'ilib o'sgan?
-1990 yil 17 aprel kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga kelganman.
Faoliyatingizni necha yoshda qayerda boshlagansiz va bunga nima turtki bo'lgan?
-Faoliyatimni yetti yoshimdan boshlaganman. Yoshligimdan futbolga qiziqishim yuqori bo’lgani uchun bu sport turiga kirishib ketganman.

Balki adashayotgandirman, lekin O'zbekistonda amputantlar o'rtasidagi muntazam davom etadigan liga yo'q, yoki bo'lmasam OAV tomonidan yetarlicha yoritilmaydi. Faoliyatingizni endi- endi boshlagan davrlaringizda muntazam rasmiy o'yinlarsiz, faqat mashg'ulotlarni o'zi bilan qanday qilib sport formani yuqori darajada ushlab turish mumkin bo'lgan?
-Bir tomondan bu gapingiz ham to’g’ri. Juda past nazarda qarashadi. O’zi, deyarli yo’qolib ketgan desam ham bo’ladi. Uch-to’rtta jamoa qolgan. Bular: Samarqand, Farg’ona, Andijon, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati. Unda ham uchinchi dekabr nogironlar kunida yig’ilishadi va ushbu bayram kuni bir yilda bir marta turnir o’tkaziladi.
Yaqinda Yevropa chempionlar ligasini ikkinchi bor qo'lga kiritdingiz..
-To’g’ri. 2021 yil ‘Shahinbey”da o’ynab yurgan paytim, Yevropa chempionlar ligasini birinchi marta qo’lga kiritganman. 2025 yili “Alves koblo”ga transfer bo’lib, bu klub bilan yana bir bor ushbu sovrinni qo’lga kiritdim.

Turkiya chempionati dunyodagi eng kuchli ligalardan biri hisoblanadi. U yerdagi infrastruktura, sharoitlar hamda professionallik haqida aytib bersangiz
-Turkiyada 2020 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman. Turkiyani professional deb ayta olishimga bir necha sabablar bor. Chunki, u yoqda o’n to’rtta klub Superligada, o’nta jamoa birinchi ligada va ikkinchi ligada yettita klub ishtirok etadi. Jadval ohiridagi ikki klub mavsum yakunida quyi ligaga tushadi hamda quyi ligadagi peshqadam ikki klub yuqori ligaga o’tadi. Har haftada bitta o’yin bo’ladi. Bir safar bizni uyimizda, bir safar safarda dam olish kunlari uchrashuvlarni o’tkazamiz. Haftada uch marta mashg’ulotlarda ishtirok etamiz. Shuning uchun ham dunyoning eng kuchli ligasi Turkiyada deb ayta olaman va Afrika, Amerika, shuningdek boshqa yer sharining eng zo’r o’yinchilari Turkiya ligasida o’ynaydi.

"Shahinbey" va "Alves Kablo" jamoalarini "Real Madrid" "Barselona"ga o'xshatish mumkin. Siz har ikki jamoada ham o'ynab ko'rdingiz. Bu ikki klub qaysi taomonlari bilan bir biridan farq qiladi?
-Albatta, “Shahinbey” va “Alves” professionalligi va darajasi tomonidan “Barselona”-“Real Madrid”, “Manchester Yunayted”-“Manchester Siti” qarama-qarshiliklari kabi “klasiko”, yoki “derbi” maqomida bo’lib, Turkiya derbisi hisoblanadi. Raqibni uyida durang o’ynadik va o’z maydonimizda yutqazib qo’ydik, biroq to’plar nisbatiga ko’ra birinchi o’rinda edik. Bundan tashqari “Shahinbey” hamda “Alves Koblo” moliyaviy tomondan ham o’zaro raqib hisoblanadi. “Alves Koblo” ikkilamchi, elektr kabellar bilan shug’ullanuvchi tadbirkor insonga tegishli xususiy klub bo’lsa, “Shahinbey” hokimyatga tegishli jamoa hisoblanadi. Shuning uchun ham bu ikki klub eng yaxshi futbolchilarni yig’ib olgan.
Hozirda amputantlar terma jamoamizdan yana kimlar Turkiya chempionatida o'ynab kelishadi va O'zbek futbolchilarini Turkiyada qanday darajada ko'rishadi?
-Hozirgi kunda bitta o’zim Turkiya ligasida o’ynab kelmoqdaman. Bu liga hozirda dunyoda birinchi o’rinda deb ayta olaman. Oldin Aziz Abdurahmonov, Haydarali Tursunboyevlar ham o’ynab ketishgan. Ular ayni paytda boshqa ligada o’ynab yurishgan edi. Kelasi mavsum ikki yosh yigitlar Turkiya ligasiga legioner bo’lib qo’shilishi kutilmoqda.

Ikki karra chempionlar ligasi, uch karra Jahon chempioni, to'purar, bir marta Osiyo chempioni, besh karra Turkiya ligasi g'olibi kabi ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritdingiz. O'tib borayotgan faoliyatingizdan to'liq qoniqyapsizmi? Nima narsalar armon bo'lib qoldi va yana nima narsalarni hali amalga oshirish uchun vaqt bor deb o'ylaysiz?
-Bir qarashda aytishga juda ham osondek tuyuladi. 2007 yilgi Jahon chempionatidan beri shu sport turida faoliyat olib boraman. 2007, 2010, 2012 yillarda Jahon chempioni bo’lganmiz. Ikki karra Yevropa chempionlar ligasi g’olibi bo’ldim. O’tgan yili birinchi marta o’tkazilgan Osiyo chempionatida g’alaba qozondik. Nima desam bo’ladi, armonim yo’q. Xudoga shukur qilaman. Ko’p sovrinlarni qo’lga kiritdim. Xudo xohlasa Braziliyaga o’xshab besh marta Jahon chempioni bo’lish niyatim bor. Chempionlar ligasini ham nasib qilsa, kuchim yetsa besh marta olishga harakat qilaman.
Nihoyat O'zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi, bu haqida fikrlaringiz? Jahon chempionati biz uchun nima beradi?
-Milliy terma jamoa 2026- yilgi Jahon chempionati yo’llanmasini qo’lga kiritdi. Bu juda ham quvonchli lahzalar. Biz ham xursandmiz. Bilasiz, juda uzoq yillardan beri bu kunlarni xalqimiz kutib yashadi. O’ttiz to’rt yildan beri Jahon chempionatiga chiqish armon bo’lib kelayotgan edi. Futbolchilarimizning mundialda tarixiy uchrashuvlarni o’tkazishini ko’rishdan biz ham xursand bo’lamiz. Terma jamoamiz yaxshi natijalarni qayd etishini kutib qolamiz.

Bu orada bizda ham Jahon chempionati bo’lib o’tadi. Ushbu turnir 2026- yili Kosta Rika davlatida o’tkaziladi. Xudo xohlasa bu yil saralashda Osiyo chempionatidan keyin Osiyodan to’rtta yo’llanma berilgan. Nasib qilsa, keyingi yil kuzda Jahon chempionati bo’lib o’tadi.
Mundialga tayyorgarlik bosqichini olib boorish rejalashtirilganmi?
-Albatta. O’quv-mashg’ulot yig’inlarida ishtirok etishimiz rejalashtirilgan. Bu yig’inlar doiraida Marokash, Turkiya, Polsha hamda Mirs terma jamoalariga qarshi to’rtta o’rtoqlik uchrashuvlarini o’tkazishga yaqin turibmiz.