Qo‘shiq kuylash yaxshi, lekin maydonga tushish ham kerak: Abduqodir Husanov yana zaxirada qoldi
Britaniyaning “Manchester City” klubi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. 18 iyun kuni Pep Guardiolaning shogirdlari Marokashning “Vidad” jamoasiga qarshi maydonga tushishdi. Uchrashuv to‘liq inglizlar nazorati ostida kechdi. “City” ikkita gol urib, raqib ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ushbu bellashuvda himoyachi Abduqodir Husanovning maydonda paydo bo‘lishini kutishgan edi. Ayniqsa, raqib kuchli emasligini inobatga olgan holda, ko‘pchilik Guardiola unga imkoniyat beradi, deb o‘yladi. Biroq Pep bu safar ham Husanovni o‘yinga tushirmadi.
Ta’kidlash joiz, Abduqodir Husanov “Manchester City” safida anchadan beri maydonga tushgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Husanov o‘zining vokal mahorati bilan jamoadoshlarini hayratga solgan edi. U ijro etgan “Dubay” qo‘shig‘i o‘zbek rep ijrochisi Radius 21 ga tegishli bo‘lib, muxlislar tomonidan tezda tan olindi.