Qoraqalpog‘iston va Shimoliy Osetiya hamkorlikni mustahkamlamoqda
Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston va Shimoliy Osetiya yosh dzyudochilarining qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davom etmoqda.
Bu hamkorlikning ilk bosqichi emas. Avvalroq qoraqalpog‘istonlik dzyudochilar Shimoliy Osetiyada qo‘shma tayyorgarlik o‘tagan bo‘lsa, endilikda shimoliy osetiyalik sportchilar Nukusdagi yig‘inlarda ishtirok etyaptilar.
Ushbu hamkorlikni rivojlantirishda rossiyalik tajribali mutaxassislar Stanislav Kasoyev va Vladimir Zaloyev muhim o‘rin tutmoqda. Ular bugungi kunda qoraqalpog‘istonlik yosh dzyudochilar bilan ishlamoqdalar.
Bunday qo‘shma yig‘inlar — bu nafaqat tatamida intensiv tayyorgarlik va amaliyot, balki tajriba almashish, sport mahoratini oshirish va yosh sportchilarda xalqaro musobaqalarga xos xarakterni shakllantirish imkoniyatidir.
Bugungi mehnat — kelajakdagi g‘alabalarning poydevoridir. Aynan shunday loyihalar Qoraqalpog‘istonning yangi avlod kuchli dzyudochilari uchun sharoit yaratmoqda.