Qatar oʻz hududiga qilingan hujumlarga qaramay Finalissima uchrashuvini keyinga qoldirishni istamayapti
Argentina va Ispaniya oʻrtasidagi bahs 27 mart sanasida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
FOTO: Getty Images
Qatar 27 martga rejalashtirilgan Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi «Finalissima» uchrashuvini ko‘chirishni istamayapti. Bu haqda jurnalist Gaston Edul xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Qatar tomoni avvalroq imzolangan tijoriy kelishuvlar tufayli ushbu turnirni o‘tkazishdan voz kechishni istamayapti. Mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror kelasi hafta qabul qilinadi.
Vaziyat mamlakatdagi xavfsizlik holati tufayli murakkablashmoqda: 5 mart, payshanba kuni Qatar Mudofaa vazirligi mamlakatga raketa hujumi uyushtirilgani va havo hujumidan mudofaa tizimlari uni qaytargani haqida ma’lum qilgandi.
Avvalroq Qatar futbol assotsiatsiyasi (QFA) barcha futbol turnirlari noma’lum muddatga qoldirilganini e’lon qilgan edi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist