Qashqadaryoda futzal bayrami: “Qashqadaryo kubogi-2026” yuqori saviyada o‘tdi
Mamlakatimizda sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, sohaga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish hamda ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida hududlarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Qashqadaryo viloyatida futzalni ommalashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.
Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida yakunlangan futzal bo‘yicha “Qashqadaryo kubogi-2026” musobaqasi buning yaqqol isboti bo‘ldi. Viloyat hokimligi, Sport boshqarmasi, viloyat futbol assotsiatsiyasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa viloyatning barcha shahar va tumanlarini qamrab oldi.
Quvonarlisi, musobaqada jami 42 ta jamoa ishtirok etdi. Bu esa Qashqadaryoda futzalga bo‘lgan qiziqish va e’tibor tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mart oyida start olgan musobaqada jamoalar dastlab guruh bosqichida bellashishdi. Guruhlarda peshqadam bo‘lgan jamoalar keyingi bosqichda olimpiya tizimi asosida kurashni davom ettirishdi. Barcha hududlardan tashrif buyurgan jamoalarning murosasiz raqobati, tezkor va chiroyli o‘yinlari muxlislarga haqiqiy futzal bayramini taqdim etdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Yakkabog‘ tumani hamda Janubiy-g‘arbiy maxsus okrug jamoalari maydonga chiqishdi. Qiziqarli va keskin ruhda o‘tgan uchrashuvda yakkabog‘lik futzalchilar 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Musobaqaning hal qiluvchi final uchrashuvida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi hamda Chiroqchi tumani futzalchilari o‘zaro kuch sinashishdi. Birinchi bo‘limda chiroqchiliklar ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, tanaffusga ustunlik bilan yo‘l olishdi.
Ikkinchi taymda esa Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Asosiy vaqt durang natija bilan yakunlanganidan so‘ng g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Omad bu gal Chiroqchi tumani jamoasiga kuldi — ular 8:7 hisobida zafar quchib, “Qashqadaryo kubogi-2026” bosh sovrinini qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Eng muhimi, Qashqadaryo viloyatida futzalning ommaviyligi oshayotgani, aholi, ayniqsa yoshlar orasida ushbu sport turiga qiziqish tobora kuchayib borayotgani quvonarli holdir.