Qarshida «Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi» viloyat bosqichiga start berildi
Qarshi shahrida yoshlar sportini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi majlislar zalida 7–11-sinflarda tahsil olayotgan 14–18 yoshli o‘quvchi-qizlar o‘rtasida ilk bor tashkil etilayotgan “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi uchun qura tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, viloyat sport boshqarmasi hamda Qashqadaryo futbol federatsiyasi mas’ul xodimlari, hududiy studiyalar vakillari, jamoalar murabbiylari va sardorlari ishtirok etdilar.
Marosim davomida jamoalar o‘rtasida ochiq va shaffof tarzda qura tashlandi. Natijalarga ko‘ra, 16 ta jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda chempionlik uchun kurash olib boradi. Har bir uchrashuv qizg‘in, murosasiz va yuksak sport ruhida o‘tishi kutilmoqda.