Qahramon Aslanov: \"Reshford bu borada ayni muddao\"
Jurnalist va tahlilchi Qahramon Aslanov Markus Reshforning “Barselona”ga ko'chib o'tishini tahlil qildi:
"Markus Reshfordning “Barselona”ga o‘tmoqchi bo‘layotgani va buning uchun hatto maoshini kamaytirishga rozi ekani haqida xabarlar yuribdi. Futbolchining agenti Barselonaga muzokara uchun borgan ham. Bir qaraganda, kataloniyaliklar hujum chizig‘i komplektlashgandek, lekin o‘tgan mavsumdagi muammolarni boshdan kechirishni istamasa, Flik Reshford haqida o‘ylab ko‘rishi ham mumkin.
Gap shundaki, aytaylik, agar Lamin Yamal dam olishi kerak bo‘lsa, Rafinya o‘ng qanotga o‘tadi va bu tarzdagi o‘yinlarda jamoa o‘ng qanot kuchsizlanishi bilan birga markazdagi xavfli Rafinyadan ham ayrilib qoladi. Yoki agar Rafinya rotasiyaga tushganda barcha urg‘u to‘liq o‘ng qanotga o‘tib ketishi va jamoa o‘yini himoyachilar uchun tushunish oson bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham to‘liq tarkibda “Barselona” kuchli ko‘ringani bilan, Flik rotasiya qilishga urinigi hamonoq muammolarga duch kelaverdi. Rotasiya esa zarur – Yamal baribir hali yosh, butun mavsum bir xilda o‘tkaza olmasligi mumkin.
Markus Reshford bu borada ayni muddao. U navbati bilan Rafinya yo Yamalga dam berilishida bo‘shliqni to‘ldirishi, kerak bo‘lganda esa, har ikkisi bilan birga uchlik hosil qilishi mumkin – Reshford – Rafinya – Yamal uchligi hujumda yoki bir hujumchi ortida o‘ta xavfli ko‘rinadi.
Yana bir muhim faktor Markusning narxi. “Manchester Yunayted” uni 40 million funtga yaqin summaga qo‘yib yuborishga rozi. Reshford esa mos shartlar ostida eng top darajaga ham chiqishga qodir. Bunday salohiyatga ega bo‘lgan futbolchilar (masalan, Niko Uilyams) bozorda ikki barobar qimmat baholanadi. “Barselona” nari borsa qanot himoyachisi beradigan pulga oldingi chiziq uchun mos bo‘lgan top-hujumchi, juda bo‘lmaganda, qo‘shimcha opsiya va rotasiya uchun sharoit tug‘diradigan aktivga ega bo‘lishi mumkin.
Agar “Barselona” o‘zi bu yozda kimnidir sotib olmoqchi bo‘lsa, hujum chizig‘i to‘ldirilishi kerak bo‘lgan muhim pozisiyadir",-deb yozadi Aslanov