«PSJ» va «Chelsi» oʻrtasidagi uchrashuv soʻngida Netuning xatti-harakatlari sabab janjal yuzaga keldi
UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan «PSJ» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunida futbolchilar o‘rtasida ommaviy kelishmovchilik yuzaga keldi. Mazkur bahs parijliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 90+2-daqiqasida londonliklar vingeri Pedru Netu maydon tashqarisida to‘pni olib beruvchi bolboydan to‘pni tajovuzkor tarzda tortib olishga harakat qilgan. Netu bolakayning ko‘krak qismidan itarib yuborgani natijasida u maydonga yiqilgan. Ushbu holatdan so‘ng «PSJ» futbolchilari yosh styuartning yonini olishgan va maydonda ommaviy tartibsizlik boshlangan.



To‘qnashuv taxminan ikki daqiqa davom etgan. Hakamlar ishtirokchilarni tinchlantirishga muvaffaq bo‘lishdi va shunisi e’tiborga loyiqki, mazkur vaziyatda birorta ham futbolchiga kartochka ko‘rsatilmadi.
Ushbu voqeadan so‘ng darhol «PSJ» uchrashuvdagi beshinchi golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 17 mart kuni Londondagi «Stemford Bridj» stadionida bo‘lib o‘tadi.