«PSJ» Sudzuki uchun kurashda «Yuventus»dan oldinda
PSJ klubi Parma darvozaboni Dzion Sudzukini o‘z safiga qo‘shib olish borasida Italiya giganti Yuventusdan ustunlikka ega bo‘lib turibdi. Bu haqda jurnalist va transfer insayderi Santi Auna ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, parijliklar 23 yoshli posbon transferi bo‘yicha muzokaralarni faol bosqichga olib chiqqan. PSJ rahbariyati klub, futbolchi va uning vakillari o‘rtasida tezroq kelishuvga erishish uchun ish olib bormoqda.
Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Parma o‘z darvozaboni uchun taxminan 30 million yevro talab qilmoqda. Parijliklar esa transferni amalga oshirgach, Sudzukini doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun boshqa klubga ijaraga berishni rejalashtirmoqda.
Dzion 2024 yildan buyon Parma sharafini himoya qilib kelmoqda. U shu vaqtgacha Italiya A Seriyasida 57 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, Yaponiya milliy terma jamoasi safida 28 ta o‘yin o‘tkazgan.