PSJ Safonovni sotishi mumkin
“Pari Sen-Jermen” darvozaboni Matvey Safonov kelasi yozda Parij klubini tark etishi mumkin.
L’Équipe nashri ma’lumotiga ko‘ra, PSJ yaqin vaqt ichida “Parma”ning yaponiyalik darvozaboni Zion Suzukini sotib olishni rejalashtirmoqda. Parijliklar 23 yoshli posbonni transfer qilganidan so‘ng uni darhol “Yuventus”ga ijaraga berishni ko‘zlamoqda.
Rejaga ko‘ra, Suzuki kelasi mavsumdan PSJning asosiy darvozaboniga aylanishi mumkin. Agar bu amalga oshsa, klub Matvey Safonov yoki Lyuka Shevalyedan birini transferga qo‘yadi. Yakuniy qaror yangi mavsumda ikki darvozabon o‘rtasidagi raqobat natijasiga qarab qabul qilinadi.
Safonov PSJ safida 2024-yildan buyon to‘p tepmoqda. O‘tgan mavsumda rossiyalik darvozabon barcha musobaqalarda 26 ta uchrashuvda qatnashib, 27 ta gol o‘tkazib yuborgan.