«PSJ» Pedri uchun 90 million yevro taklif qilishga tayyor
“PSJ” klubi “Barselona” yarim himoyachisi Pedrini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda El Nacional nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Parij klubi Ispaniya terma jamoasi safida jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan yarim himoyachi uchun dastlabki 90 million yevrolik taklif tayyorlamoqda.
Qayd etilishicha, bosh murabbiy Luis Enrike jamoadan ko‘rishni istagan Rodri faoliyatini “Real”da davom ettirishga qaror qilgach, parijliklar e’tiborini Pedriga qaratgan.
23 yoshli yarim himoyachi 2020 yildan buyon “Barselona” sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u kataloniyaliklar safida 245 ta uchrashuvda maydonga tushib, 28 ta gol va 33 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Shuningdek, Pedri jamoa sardorlaridan biri hisoblanadi.
Futbolchining “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 150 million yevroni tashkil etadi.