«PSJ» «MYU»ning transfer maqsadini ilib ketish uchun 50 mln yevro to'lashga tayyor — Caught Offside
"Manchester Yunayted" vingeri Markus Reshford o'rniga "Vest Hem" qanot hujumchisi Krisensio Sammervillni sotib olish variantini ko'rib chiqmoqda.
Biroq futbolchi uchun belgilangan 50 mln funt (57,5 mln yevro) narx bu transferga to'siq bo'lishi mumkin. Bu haqda Caught Offside xabar bermoqda.
Manbaning ma'lumotiga ko'ra, Sammervillga PSJ ham qiziqish bildirmoqda. Parij klubi Niderlandiya terma jamoasi futbolchisini transfer qilish uchun taxminan 43 mln funt (50 mln yevro) taklif qilishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, Fransiya klubi "Vest Hem" yarim himoyachisi Mateush Fernandesni ham sotib olishga urinib ko'rishi mumkin. Bunday holatda PSJ ikki futbolchi uchun jami 130 mln funt (150 mln yevro) to'laydi.
O'tgan mavsumda Sammervill barcha musobaqalarda 34 ta o'yinda ishtirok etib, o'z hisobiga yettita gol va beshta samarali uzatma yozdirgan. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning yozigacha mo'ljallangan.
Transfermarkt portalida keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 35 mln yevroni tashkil etadi.