PSJ “Manchester Yunayted” himoyachisini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi
Fransiyaning PSJ klubi “Manchester Yunayted” himoyachisi Leni Yoroga qiziqish bildirmoqda. Parijliklar 20 yoshli futbolchini kelajakda himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, PSJ skautlari Yoroning Fransiya terma jamoasi safidagi debyut uchrashuvini bevosita kuzatgan. Himoyachi UEFA Millatlar ligasi doirasida Belgiyaga qarshi kechgan bahsda 90 daqiqa harakat qilib, jamoasining 4:1 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Uning mazkur uchrashuvdagi o‘yini Parij klubi vakillarida ijobiy taassurot qoldirgan.
“Manchester Yunayted” rahbariyati Yoroni jamoaning kelajagi uchun muhim futbolchilardan biri deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, klub himoyachi uchun katta miqdordagi taklif kelib tushsa, uni ko‘rib chiqishi mumkin. Hozircha PSJ tomonidan rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, Leni Yoro 2024-yil yozida Fransiyaning “Lill” klubidan “Manchester Yunayted”ga transfer qilingan. Ingliz klubi uning transferi uchun 62 million yevro to‘lagan, kelishuvda yana 8 million yevrolik bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Yoro Angliya Premyer Ligasi tarixidagi eng qimmat transfer qilingan o‘smir futbolchiga aylangan.