«PSJ» Luis Enrike bilan shartnomani uzaytirishga yaqin turibdi — Skira
«Pari Sen-Jermen» jamoasi ispaniyalik mutaxassis Luis Enrike bilan shartnomani uzaytirishga juda yaqin turibdi. Bu haqda jurnalist va insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Enrikening Fransiya grandi bilan yangi kelishuvi 2029 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, uni yana bir yilga — 2030 yilgacha uzaytirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Avvalroq OAVda «qizil-ko‘klar» rahbariyati Enrikega bejizga uzoq muddatli shartnoma taklif qilmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Gap shundaki, klub sport direktori Luish Kampushning amaldagi shartnomasi ham 2030 yilda yakuniga yetadi va rahbariyat portugaliyalik hamda ispaniyalik mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori baholaydi.
Ispaniyalik murabbiyning ayni damdagi amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar amal qiladi.