«PSJ» Kamavingaga qiziqish bildirmoqda
Fransiyaning «Pari Sen-Jermen» klubi yozgi transfer oynasida Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Eduardu Kamavingani o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda The Touchline nashri xabar berdi.
Fransiya klubi mavsum yakunlangach, yarimhimoyachini sotib olish imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda. Avvalroq, Kamavinga nomzodi Londonning «Arsenal» klubiga ham taklif qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Joriy mavsumda Kamavinga barcha turnirlar doirasida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining Madrid klubi bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda fransiyalik futbolchining bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etmoqda.