«PSJ» Dembele va Barkolya bilan shartnomani uzaytirmoqchi
«Pari Sen-Jermen» klubi vingerlar Usmon Dembele va Bredli Barkolya bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. RMC Sport xabariga ko‘ra, har ikki futbolchining amaldagi bitimi 2028 yilga qadar mo‘ljallangan.
Manbaga ko‘ra, Parij klubi allaqachon futbolchilarga dastlabki og‘zaki takliflarni bildirgan va ularning atrofidagilar bilan muloqot o‘tkazgan. Ta’kidlanishicha, «PSJ» jamoa ichidagi muvozanatni buzmaslik uchun futbolchilarga maoshni keskin oshirishni rejalashtirmayapti. Shu sababli muzokaralar bir necha hafta davom etishi kutilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, Dembele tomoni o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchi maqomiga mos shartlarni kutmoqda, biroq Parijda so‘nggi bor shartnomasi uzaytirilgan Kilian Mbappe darajasidagi moliyaviy talablarni qo‘yish niyatida emas. Barkolya esa hozircha kelajagi borasida aniq qarorga kelmagan. Agar u yangi bitimni rad etsa, «PSJ» uni qo‘yib yuborishga va boshqa vinger bilan shartnoma imzolashga tayyor.
28 yoshli Dembele va 23 yoshli Barkola «PSJ» safida 2023 yil yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Shu vaqt oralig‘ida Dembele barcha turnirlarda 111 ta uchrashuvda maydonga tushib, 47 ta gol va 34 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Barkolya esa 126 ta o‘yinda 31 ta gol va 34 ta assist qayd etgan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, Dembelega bozor bahosi 100 million yevro, Barkolyaniki esa 70 million yevroni tashkil etadi.