«PSJ» Chempionlar Ligasi sababli Liga 1 o‘yinini ko‘chirishni so‘ramoqda, «Lans» ustozi esa bunga qarshi
Fransiyaning «PSJ» klubi Professional futbol ligasiga (LFP) murojaat qilib, 11 aprelga belgilangan Liga 1 ning 29-turidan o‘rin olgan «Lans»ga qarshi uchrashuvni boshqa muddatga qoldirishni so‘radi. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Parijliklar ushbu bahsni UEFA Chempionlar Ligasi chorak finali doirasidagi «Liverpul»ga qarshi o‘yinlar oralig‘ida (8 va 14 aprel kunlari) o‘tkazmaslikni maqsad qilgan. Biroq, avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, «Lans» bosh murabbiyi Pyer Saj o‘yinning ko‘chirilishiga qarshi chiqmoqda. Uning bu pozitsiyasi LFP qaroriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
LFP direktorlar kengashi yaqin vaqt ichida ushbu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish uchun yig‘iladi.
Ma’lumot o‘rnida, «PSJ» Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichida Londonning «Chelsi» klubini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (5:2, 3:0) mag‘lub etib, chorak finalga yo‘llanma olgan edi.