PSJ “Chelsi” himoyachisini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi
Fransiyaning PSJ klubi Londonning “Chelsi” jamoasi himoyachisi Malo Gyustoni transfer qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Parijliklar 23 yoshli futbolchi orqali himoya chizig‘ini kuchaytirish va tarkibdagi raqobatni oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, PSJ fransiyalik himoyachiga yana qiziqish bildirishni rejalashtirmoqda. Klub rahbariyati Gyustoning himoyaning turli pozitsiyalarida harakat qila olishini yuqori baholamoqda. Uning universalligi parijliklarning transferga qiziqish bildirishidagi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
“Chelsi” ham endilikda Gyustoni sotilmaydigan futbolchilar qatoriga kiritmayapti va munosib taklif tushsa, uning transferini muhokama qilishga tayyor. London klubi yozda himoyachi uchun 90 million yevro talab qilgan edi. Biroq navbatdagi transfer oynasida kelishuv bundan pastroq summaga amalga oshishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Malo Gyusto joriy mavsum “Chelsi” safida barcha musobaqalarda 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatmani amalga oshirgan. Transfermarkt portali 23 yoshli futbolchining bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.