2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston Ronalduga qarshi
Jahon chempionati uchun qur’a tashlandi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi K guruhida ishtirok etadi. Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi K guruhidan joy oldi va u yerda Portugaliya, Kolumbiya hamda saralashdan chiqqan yana bir jamoa (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan bellashadi.
O‘zbekiston 17 iyun kuni Kolumbiyaga, 23 iyun kuni esa Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi.
O‘yinlarning o‘tkazilish joyi va vaqti 6 dekabr kuni e’lon qilinadi.
Qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 bahslari 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston bu turnirda o‘z tarixida ilk bor qatnashadi.
Guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rin egalarining eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 8 tasi pley-off bosqichiga chiqadi.
