Prestianni diskvalifikatsiyaga qaramay «Santyago Bernabeu»ga boradi
Irqchilikda ayblanib, UEFA tomonidan vaqtincha chetlatilgan «Benfika» yarimhimoyachisi Janluka Prestianni «Real Madrid»ga qarshi javob uchrashuvini stadiondan kuzatib boradi. AS nashrining xabariga ko‘ra, argentinalik futbolchi o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun Madridga yo‘l olgan.
Prestiannining «Santyago Bernabeu» stadionida bo‘lishi xavfsizlik xizmatidan qo‘shimcha choralarni talab qilishi mumkin. Chunki birinchi o‘yinda Vinisius Junior va Prestianni o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro sababli muxlislar o‘rtasida keskinlik yuqori.
UEFA hozirda ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda. Prestianni Vinisiusni haqorat qilmaganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, tashkilot barcha audio va video materiallarni o‘rganib chiqmoqda. Ayni damda futbolchi o‘yindan chetlatilgan, biroq uning stadionga kirishiga rasmiy taqiq yo‘q.