«Portu» Yakub Kivyor transferini rasman e’lon qildi
Portugaliyaning «Portu» klubi Angliyaning «Arsenal» jamoasi himoyachisi Yakub Kivyorni sotib olganini rasman e’lon qildi. Transfer summasi 17 million yevroni tashkil etdi, yana 5 million yevro esa bonuslar ko‘rinishida ko‘zda tutilgan. Shuningdek, futbolchi kelajakda boshqa klubga sotilgan taqdirda, portugaliyaliklar «to‘pchilar» hisobiga yana 2 million yevro o‘tkazib beradi.
Kivyorning «Portu» bilan shartnomasi 2030 yilga qadar imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, futbolchining tovlan puli miqdori 70 million yevro etib belgilangan.
26 yoshli polshalik himoyachi Portugaliya chempionatining joriy mavsumida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta samarali uzatmaga mualliflik qildi. Shuningdek, uning hisobida Yevropa Ligasi doirasidagi 8 ta o‘yin va bitta golli uzatma ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Portu» jamoasi «Alverka» ustidan g‘alaba qozonib (1:0), muddatidan avval mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Bu klub tarixidagi 31-chempionlik unvonidir. Ayni damda «ajdarlar» 32 o‘yindan so‘ng 85 ochko to‘plagan holda Primeyra turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.