Polshalik futbolchi kiyik bilan to‘qnashuvdan so‘ng avtohalokatda vafot etdi
Polshaning “Kania Gostyń” klubi himoyachisi Oskar Kordus 20 yoshida avtohalokat oqibatida vafot etdi. Futbolchining o‘limi haqida uning klubi rasman ma’lum qildi.
Hodisa 21-sentabr kuni ertalab Gostin shahri yaqinidagi DW434 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Volkswagen yo‘lga chiqqan kiyikni urib yuborgan va zarba oqibatida hayvon Kordus boshqarayotgan BMW avtomobilining old oynasiga kelib urilgan. Shundan so‘ng avtomobil yo‘ldan chiqib, ag‘darilib ketgan.
Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar Kordusda hayot belgilarini aniqlamagan va darhol reanimatsiya ishlarini boshlagan. Uning yurak faoliyati qayta tiklangach, futbolchi vertolyotda Poznandagi shifoxonaga olib ketilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Ma’lumot uchun, Oskar Kordus joriy mavsum oldidan “Korona Piaski”dan “Kania Gostyń”ga o‘tgan edi. U avvalroq “Zagłębie Lubin” akademiyasi hamda “Warta Poznań” tizimida ham faoliyat olib borgan.