Pol Pogba “Monako” mashg‘ulotida jarohat oldi
“Monako” yarim himoyachisi Pol Pogba yangi mavsum oldidan yana jarohat muammosiga duch keldi.
Nice-Matin ma’lumotiga ko‘ra, 33 yoshli fransiyalik futbolchi jamoaning Angliyadagi mavsumoldi yig‘inida mashg‘ulot vaqtida chap sonidan jarohat olgan. Pogba mashq davomida kuchli og‘riq sezib, maydonga yiqilgan. Shundan so‘ng unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, chap soniga maxsus bog‘lam qo‘yilgan.
Hozircha jarohatning qanchalik jiddiy ekani va Pogba qancha muddat maydonga tusha olmasligi haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. Bu holat futbolchining so‘nggi yillardagi muntazam jarohatlari fonida “Monako” uchun yana bir tashvishli xabarga aylandi.
Pogba o‘tgan mavsumda “Monako” safida bor-yo‘g‘i oltita uchrashuvda maydonga tushgan va samarali harakat qayd etmagan. Shu sabab yangi mavsum oldidan uning jismoniy holati klub uchun muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.