Pol Pogba faoliyatini MLSda davom ettirishi mumkin - manba
Fransiya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Pol Pogba faoliyatini AQSH chempionati — MLSda davom ettirishga yaqin turibdi. “Monako” bilan shartnomasini bekor qilgan 33 yoshli futbolchi ayni paytda yangi jamoa izlamoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Pogbaning vakillari avgust oyidan buyon MLSning bir nechta klubi bilan muzokaralar olib bormoqda. Xususan, fransiyalik futbolchiga “Nyu-York Siti”, “Di-Si Yunayted” va “Inter Mayami” jamoalari qiziqish bildirgan. Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Pogba 2025-yil yozida “Monako” safiga qo‘shilgan edi. Biroq jarohatlar va uzoq muddatli tanaffusdan keyin sport formasini tiklashdagi qiyinchiliklar sabab futbolchi jamoaning asosiy tarkibidan muqim joy egallay olmadi. Natijada 2026-yil avgust oyida klub va futbolchi o‘zaro kelishuv asosida shartnomani muddatidan oldin bekor qildi.
Ma’lumot uchun, Pol Pogba 2025/26-yilgi mavsumda “Monako” safida Fransiya chempionatining 6 ta uchrashuvida maydonga tushib, gol yoki golli uzatma qayd etmadi. Faoliyati davomida “Manchester Yunayted” va “Yuventus” klublarida ham to‘p surgan yarim himoyachi 2018-yilda Fransiya terma jamoasi bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 2 million yevroga baholamoqda.