Pogba “Manchester Yunayted”ga ikkita chempionlik berilishiga umid qilmoqda
“Manchester Yunayted”ning sobiq yarim himoyachisi Pol Pogba “Manchester Siti”ning moliyaviy qoidabuzarliklari bilan bog‘liq mojaroga munosabat bildirdi. Fransiyalik futbolchi sobiq jamoasi Angliya Premyer Ligasining ikkita chempionlik unvonini qo‘lga kiritishiga umid bildirdi. Bu haqda Foot Mercato nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Singapurdagi Formula-1 Gran-prisida ishtirok etgan Pogbadan “Manchester Siti” atrofidagi mojaro haqida so‘rashgan. Futbolchi bunga hazil aralash javob qaytargan: “Rostini aytsam, bu borada aytadigan gapim yo‘q. Umid qilamanki, bu holat Premyer Ligaga ta’sir qilmaydi va biz ikkita chempionlikni qaytarib olamiz”.
Pogba 2017/18 va 2020/21-yilgi mavsumlarni nazarda tutgan. O‘sha yillarda “Manchester Yunayted” APLda “Manchester Siti”dan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Ayni paytda “shaharliklar” moliyaviy qoidabuzarliklar bilan bog‘liq 114 ta holat bo‘yicha aybdor deb topilgan. Klub qaror ustidan apellyatsiya bergan, yakuniy jazo esa hozircha belgilanmagan.
Ma’lumot uchun, Pogba 2016–2022-yillar davomida “Manchester Yunayted” safida to‘p surgan va ushbu davrda Angliya chempionligini qo‘lga kirita olmagan. Agar “Manchester Siti” ayrim chempionlik unvonlaridan mahrum qilinsa ham, sovrinlar avtomatik tarzda ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalarga berilishi kafolatlanmagan.