Pochettino «Real» bosh murabbiyiga aylanishi mumkin — ESPN
Madridning «Real» klubi rahbariyati kelgusi mavsum uchun murabbiylar shtabida o‘zgarishlar amalga oshirishni rejalashtirmoqda. ESPN xabariga ko‘ra, klub prezidenti Florentino Peres yangi sport loyihasini amalga oshirish uchun nomzodlar ro‘yxatini shakllantirgan bo‘lib, undan argentinalik mutaxassis Maurisio Pochettino ham joy olgan.
Ayni damda Pochettino AQSH milliy jamoasini boshqarmoqda. Peres ushbu murabbiyning ish uslubi va taktik qarashlarini yuqori baholaydi, bu esa uni «Real»dagi yangi loyiha uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylantirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Real»ning amaldagi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa joriy yilning 12 yanvarida Xabi Alonso ketganidan so‘ng ushbu lavozimga tayinlangan edi. Arbeloa qo‘l ostida madridliklar Ispaniya chempionatining 27 turidan so‘ng 63 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Ayni damda jamoa peshqadam «Barselona»dan to‘rt ochko ortda qolmoqda.
Klub rahbariyati yaqin oylar ichida yakuniy qarorga kelishi kutilmoqda.