Pirs Morgan Jorje Jezushni Ronaldu haqidagi gaplaridan keyin yolg‘onchilikda aybladi
Britaniyalik jurnalist Pirs Morgan Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezushning Krishtianu Ronaldu bilan mojaro yo‘qligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Morgan murabbiyning bu gaplarini haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblamoqda. Bu haqda jurnalist o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Manbaga ko‘ra, Jezush Ronaldu bilan hech qanday jiddiy kelishmovchilik bo‘lmaganini aytgan. Morgan esa bunga qisqa javob qaytarib: “Faktchek: bu haqiqat emas”, deb yozgan.
Shuningdek, Ronaldu terma jamoa yig‘inini murabbiyning “jamoa manfaatlari futbolchining shaxsiy manfaatlaridan ustun” degan pozitsiyasi sabab tark etgani haqidagi xabarlarga ham Morgan munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Ronaldu aynan shu sabab tufayli ketmagan va futbolchi o‘zi gapirgach, vaziyatning asl mohiyati ma’lum bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu Norvegiyaga qarshi 2:1 hisobida yakunlangan uchrashuvni zaxirada o‘tkazgan, keyinchalik esa Portugaliya terma jamoasi yig‘inini tark etgan. Jorje Jezush futbolchi bilan mojaro borligini rad etgan bo‘lsa-da, Ronalduning terma jamoadagi kelajagi yuzasidan savollar saqlanib qolmoqda.