Pike “Real”ning hakamlar haqidagi shikoyatlariga javob qaytardi
“Barselona”ning sobiq himoyachisi Jerar Pike Madridning “Real” klubi va uning muxlislari tomonidan hakamlik mavzusi tez-tez ko‘tarilishiga munosabat bildirdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri “Barselona”ning muvaffaqiyatlarini hakamlar yordami bilan bog‘lagach, ispaniyalik sobiq futbolchi unga javob qaytardi.
“‘Real’ muxlislari, siz doim hakamlik haqida gapirasiz, ammo Chempionlar Ligasi finallarini eslatishga majbur qilmang”, — dedi Pike. Uning fikricha, futbol tarixida hakamlarning xatolari ko‘p kuzatilgan, biroq bunday vaziyatlar ko‘proq “Real” foydasiga ishlagan.
Pike o‘z fikriga misol sifatida “Real”ning “Yuventus”ga qarshi Chempionlar Ligasi finalidagi Predrag Miyatovich golini, shuningdek, “Atletiko”ga qarshi finalda Serxio Ramos tomonidan kiritilgan golni eslatdi. Sobiq himoyachi mazkur vaziyatlarda gollar noto‘g‘ri hisoblanganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Jerar Pike futbolchilik faoliyatining asosiy qismini “Barselona”da o‘tkazgan. Ispaniyalik sobiq himoyachi kataloniyaliklar safida to‘rt marta Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylangan va faoliyati davomida “Real” bilan kechgan ko‘plab “El-Klasiko” uchrashuvlarida ishtirok etgan.