Peres Laportaga «Barselona» prezidenti boʻlishida yordam bergan — manba
«Barselona» prezidenti Joan Laporta o‘z lavozimiga «Real» rahbari Florentino Peresning yordami bilan kelgani ma’lum qilindi, deya xabar beradi El Confidencial nashri.
Saylovlar vaqtida Laportaga klub hisoblariga 124,6 mln yevro o‘tkazish kerak bo‘lgan, ammo kerakli mablag‘ unda mavjud bo‘lmagan. Peres bevosita bankka murojaat qilib, raqibiga yordam bergan.
Dastlab bank to‘lovni tasdiqlashga ishonchsiz bo‘lgan, chunki «Barselona» moliyaviy inqirozda edi va o‘z vaqtida to‘lovni kafolatlay olmas edi. Shunga qaramay, Peresning qat’iyligi tufayli bank oxir-oqibat bitimni tasdiqlagan.
Peresning bunday harakat qilish sababi – u Laportani Superliga loyihasida hamkor deb hisoblagan. Biroq keyinchalik «Barselona» bu loyihadan chiqishga qaror qilgan.
2021 yil aprel oyida 12 yirik Yevropa klubi Superligani yaratganini e’lon qilgan edi: «Real», «Yuventus», «Barselona», «Atletiko», «Milan», «Inter», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Chelsi», «Liverpul», «Tottenhem» va «Arsenal». Lekin loyiha UEFA tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar tahdidi sabab to‘xtatilgan va deyarli barcha ishtirokchilar Superligadan chiqib ketgan.