Pep Gvardiola: Men qalbimda ajabtovur xotirjamlik bilan ketmoqdaman
Pep Gvardiola har bir klubdagi faoliyati davomida bor kuch-quvvatini berganini ta’kidladi.
«Murabbiylik faoliyatim davomida aql bovar qilmas muvaffaqiyatlarga erishganimni bilaman va bundan mamnunman.
Men olgan eng katta maqtovlardan biri — bir necha kun oldin ser Aleks Fergyusondan, bugun esa Kevin de Bryuyne va Manuel Akanjidan kelgan xabarlar bo‘ldi.
Aynan shu sababdan ham o‘zimni baxtli va omadli his qilyapman. Barcha davrlarning eng yaxshi murabbiyi haqidagi bahslarning esa ahamiyati yo‘q. Men «Barselona», «Bavariya» va bu yerda o‘z ishimni baxtiyorlik bilan bajardim hamda qo‘limdan kelgan barchasini qilib, so‘nggi tomchi qonimgacha bor kuchimni berdim.
Men qalbimda ajabtovur xotirjamlik bilan ketmoqdaman. Odamlarga mening bu yerdagi ishim manzur bo‘ldi. Biroq bu jarayonga juda ko‘p insonlar o‘z hissasini qo‘shgan»,-dedi mutaxassis.