Pedru Netu «Arsenal»ga qarshi oʻyindagi nomaqbul xatti-harakatlari uchun ayblanmoqda
Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) «Chelsi» hujumchisi Pedru Netuni Angliya chempionatining 28-turidan o‘rin olgan «Arsenal»ga qarshi o‘yinda (2:1) o‘zini noto‘g‘ri tutganlikda aybladi.
Tashkilotning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida qayd etilishicha, futbolchi qizil kartochka olganidan so‘ng maydonni belgilangan vaqtda tark etmagan hamda uchrashuv rasmiylariga nisbatan haqoratli so‘zlarni ishlatgan.
Pedru Netuga yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha tushuntirish berish uchun joriy yilning 9-mart, dushanba kuniga qadar muhlat berildi.
Eslatib o‘tamiz, «Chelsi» vingeri bahsning 67-daqiqasida dastlabki sariq kartochkasini qabul qilib olgan, oradan uch daqiqa o‘tib esa ikkinchi ogohlantirish sabab maydondan chetlatilgandi. Mazkur uchrashuvda portugaliyalik futbolchi samarali harakatlari bilan ajralib tura olmadi.