Pedro Rodriguez «Latsio»ni tark etadi
"Latsio" hujumchisi Pedro Rodriguez 2025/2026 yilgi mavsum yakunidan so'ng jamoani tark etishini ma'lum qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq orqali xabar berdi.
38 yoshli ispaniyalik futbolchi o'z murojaatida “Latsio” libosidagi so'nggi o'yini "Piza"ga qarshi bahs bo‘lishini ta'kidladi:
"Piza"ga qarshi o‘yin men uchun ushbu libosdagi so‘nggi uchrashuv bo‘ladi. Barchangizni stadionda ko‘rishni istayman. U yerda men uchun kelasiz, deb umid qilaman. Ammo bu yil hamma uchun juda og‘ir va murakkab kechganini tushunaman va qaroringizni hurmat qilaman.
Bu nishonni ko‘ksimga taqib, ushbu jamoa sharafini himoya qilish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Men doimo sizlardan biriman. Oldinga, "Latsio"!
Pedro 2021 yildan beri rimliklar safida to'p surib kelmoqda. Undan oldin u "Roma"da faoliyat yuritgan.
Joriy mavsumda tajribali forvard Italiya chempionatida 28 o‘yinda ishtirok etib, 4 ta gol va 2 ta assist qayd etdi. Shuningdek, uning hisobida Italiya Kubogida 4 ta o‘yin ham bor.