“Paxtakor” himoyachisi faoliyatini Liga 1'da davom ettiradi
“Paxtakor” himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidov faoliyatini Fransiyada davom ettiradi. Toshkentliklar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyevning ma’lum qilishicha, futbolchi “Brest” bilan shartnoma imzolagan va 2027-yil 1-yanvardan yangi jamoasiga qo‘shiladi.
Kelishuv bir yillik ijara asosida tuzilgan. Tojiyevning aytishicha, “Brest”dan kelgan taklif “Paxtakor”ga O‘zbekistondagi yozgi transfer oynasi yopilishiga yaqin ma’lum bo‘lgan. Shu sabab himoyachining Fransiyaga o‘tishi yozda amalga oshmagan va transfer qishki oynaga qoldirilgan.
Ma’lumot uchun, Muhammadrasul Abdumajidov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2023-yildan asosiy jamoa safida to‘p sura boshlagan. Joriy mavsumda 22 yoshli himoyachi O‘zbekiston Superligasida “Paxtakor” safida 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urgan.